Xiaomi o‘zining birinchi krossoveri — Xiaomi YU7 ning rasmiy suratlarini bir necha hafta oldin namoyish qilganda ko‘pchilikni hayratda qoldirgan edi. Endilikda avtomobil hech kimga sir bo‘lmay qoldi: u Xitoy ko‘chalarida hech qanday kamuflyajsiz holatda harakatlanmoqda.


Ko‘rinishidan, kompaniya o‘z yangiligini real hayot sharoitida faol sinovdan o‘tkazmoqda. Haqiqiy suratlar va videolarda avtomobilning dizayni Ferrari Purosangueni eslatadi.
Xiaomi YU7 ning rasmiy taqdimoti 2025-yilning birinchi yarmida o‘tkazilishi kutilmoqda, ammo Xitoyning Minprom idorasi orqali texnik xarakteristikalar allaqachon ma’lum. Krossoverning o‘lchamlari 4999 х 1996 х 1600 mm bo‘lib, g‘ildiraklar bazasi 3000 mm ni tashkil qiladi. Mashina besh kishiga mo‘ljallangan. Uning kuch tizimi ikki elektromotordan iborat bo‘lib, to‘liq yurish va 508 kVt (690 ot kuchi) quvvatni ta’minlaydi. Kamroq quvvatli versiyalar ham taklif qilinishi mumkin.
Batareya sig‘imi haqida hozircha ma’lumot berilmagan. Xiaomi YU7 elektromobil krossoverlar segmentida haqiqiy yutuqqa aylanishi kutilmoqda.