Greenly kompaniyasi ijtimoiy tarmoqlarning ekologiyaga ta'sirini o'rganish bo'yicha keng qamrovli tadqiqot o'tkazdi. Olingan ma'lumotlarga ko'ra, TikTok raqiblarga nisbatan kamroq auditoriyaga ega bo'lishiga qaramay, raqamli uglerod izining eng yirik manbalaridan biriga aylandi.
2023-yil ma'lumotlariga ko'ra, faqat AQSH va Buyuk Britaniyada TikTokdan foydalanish 7,6 million tonna karbonat angidrid gazining chiqarilishiga olib keldi. Bu ko'rsatkich X va Snapchat'ning ayni hududlardagi umumiy natijasidan yuqori bo'lib, auditoriyasi deyarli ikki barobar ko'p (2 milliard foydalanuvchi) bo'lgan Instagramdan ham o'zib ketdi.
Tadqiqotchilar TikTokning yuqori uglerod izi ilovadan foydalanish davomiyligi bilan bog'liqligini ta'kidlashmoqda. O'rtacha foydalanuvchi TikTokda kuniga 45,5 daqiqa vaqt o'tkazadi, bu Instagram ko'rsatkichidan (30,6 daqiqa) sezilarli darajada yuqori. Ekspertlar buni platformaning foydalanuvchilar e'tiborini samarali ushlab turadigan algoritm xususiyatlari bilan bog'lashmoqda.
Bir foydalanuvchiga nisbatan yillik uglerod izi:
TikTok: 48,49 kg CO2
YouTube: 40,17 kg CO2
Instagram: 32,52 kg CO2
Tasavvur qilish uchun: bir TikTok foydalanuvchisining uglerod izi benzinli avtomobilning 197 km masofaga yurishi natijasidagi chiqindilariga teng.
TikTok rahbariyati 2030-yilga qadar uglerod neytralligiga erishish bo'yicha Project Clover tashabbusini e'lon qilgan.